Moliyaviy qoidabuzarliklar sabab “Manchester City” egalari klubni sotishga majburlanishi mumkin
APLdagi ayrim klub rahbarlari “Manchester City”ni sotishni moliyaviy qoidabuzarliklar uchun adolatli jazo deb biladi, liga esa ish yakunini kutishni soʻramoqda.

Ayrim Premyer-liga klublari City Football Group xoldingi “Manchester City”ni sotishi kerak, deb hisoblaydi. Xoldingning asosiy egasi — shayx Mansur bin Zayed al-Nahyan.
Avvalroq mustaqil komissiya klubni liga moliyaviy qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi. “Manchester City” bu qaror ustidan shikoyat qilgani sabab yakuniy sanksiyalar hozircha belgilanmagan.
Klub sotilishini qoʻllab-quvvatlovchilarga koʻra, bunday jazo boʻlmasa, Mustaqil futbol regulyatorini moliyalashtirishdan maʼno qolmaydi. Biroq barcha jamoalar ham bu pozitsiyani qoʻllab-quvvatlamaydi. Premyer-liga klublardan ehtimoliy sanksiyalarni omma oldida muhokama qilmaslik va ish yakunlanishini kutishni soʻradi. Ayrim klublar oʻz qarashlarini allaqachon regulyatorga yopiq tarzda bildirgan.




