Umar Kremlyov: endi bokschilar har bir gʻalabasi uchun mukofot puli oladi
IBA prezidenti Umar Kremlyov yangi IBA Elite formatida bokschilar har bir gʻalabasi uchun mukofot puli olishini maʼlum qildi.

Kremlyovning aytishicha, IBA IBA Elite formatini allaqachon ishga tushirgan. Uning soʻzlariga koʻra, gʻalabalar uchun toʻlovlar sportchilarga qoʻshimcha ragʻbat va yordam berishi kerak, biroq mukofot puli miqdori hozircha aytilmagan.
Juma kuni Istanbulda IBA prezidentining ilk kubogi boshlandi. Turnirda 87 mamlakatdan 340 bokschi qatnashmoqda, umumiy mukofot jamgʻarmasi esa 3 mln dollarni tashkil etadi. Erkaklar oʻrtasidagi 12 vazn toifasining har birida gʻolib 100 ming dollardan oladi.
Prezident kubogi finallari 4 dekabr kuni oʻtkaziladi. Shu kuni Istanbulda IBA.PRO professional janglari va IBA Bare Knuckle yalangʻoch musht janglari ham boʻlib oʻtadi. IBA kelasi yili ayollar oʻrtasida prezident kubogini oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Tashkilotning global boks forumi 4 dekabrga, saylov kongressi esa 5 dekabrga rejalashtirilgan. Kongressda IBAning soʻnggi olti yildagi faoliyati sarhisob qilinadi va rivojlanishning keyingi yoʻnalishlari belgilanadi. Kremlyov, shuningdek, 2029 yilgi erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionati va 2030 yilgi ayollar turniriga tayyorgarlik koʻrilayotganini maʼlum qildi.




