Akapulko turniri 2028-yilda ATP turidan chiqariladi, 5 turnir qattiq kortni soʻradi
Jurnalist Lorenzo Ercolining xabar berishicha, Akapulkodagi ATP 500 turniri 2028-yilda taqvimdan chiqariladi. Yana 5 turnir 2029–2030-yillarda qattiq kortga oʻtmoqchi.

2028-yildan Doha va Dubaydagi ATP 500 turnirlari ham bir haftada oʻtkaziladi. Rotterdam turniri fevraldan kuzga koʻchiriladi va Bazel hamda Vena turnirlari bilan navbatlab oʻtkaziladi. Rotatsiya boʻyicha ushbu uch turnirdan biri ATP 250 toifasidagi Stokgolm turniri bilan bir haftaga toʻgʻri keladi.
Rio-de-Janeyro, Gstaad, Kitsbyuel, Umag va Bastad turnirlari gil kortni qattiq kortga almashtirishga ruxsat soʻradi. Ehtimoliy oʻtish 2029–2030-yillar oraligʻiga rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ATPda reyting ochkolarini qayta taqsimlash va juftlik bahslariga oʻzgartirishlar kiritish masalalari muhokama qilinmoqda. Hozir Turinda tur islohotlariga bagʻishlangan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.




