Williams Formula-1da byudjet limitidan £627 000 ga oshdi
FIA Williams 2025-yilgi mavsumda Formula-1 xarajatlar limitidan £627 000 ga oshganini aniqladi. Alpine ham qoidani buzdi, ammo ortiqcha xarajat qilmagan.

Williams oʻtgan mavsum uchun belgilangan $135 mln limitdan 0,48 foizga oshib ketdi. Jamoa bunga kompaniya tuzilmasini oʻzgartirish bilan bogʻliq maʼmuriy xarajatlar sabab boʻlganini, bu holat qasddan yuz bermaganini bildirdi.
Har ikki jamoa FIA bilan qoidabuzarlikni tan olish toʻgʻrisida bitim tuzdi. Williams moliyaviy jarimaga tortildi, uning miqdori oshkor qilinmadi. Shuningdek, jamoa keyingi 12 oy davomida aerodinamik tadqiqotlar va ishlanmalar uchun ruxsat etilgan vaqtning 1,5 foizidan mahrum boʻldi. Jamoa FIAning tergov xarajatlarini ham qoplaydi.
FIA Williams vijdonan ish tutgani, maʼlumotlarni yashirishga urinmagani va sport yoki moliyaviy ustunlikka ega boʻlmaganini qayd etdi. Qoidabuzarlik kichik ortiqcha xarajatlar toifasining quyi chegarasiga — 5 foizdan kam darajaga kiritildi.
Alpine xarajatlarni oshirmagan holda protsedura qoidalarini buzdi. Xatolar marketing, Formula-1dan tashqari faoliyat, xodimlar bilan ishlash va xodimlarga beriladigan bonuslarni oʻz ichiga olgan istisnolar hamda tuzatishlar boʻyicha yillik hisobotda aniqlandi. Jamoaga miqdori oshkor qilinmagan moliyaviy jarima berildi, shuningdek, u tergov xarajatlarini qoplaydi.




