«Gazni boʻshatganim xato boʻldi»: Antonelli Las-Vegasda gʻalaba imkoniyatini qanday boy berdi
Mercedes piloti Kimi Antonelli Maks Ferstappen bilan kurash paytida gazni boʻshatishi energiya yoʻqolishiga olib kelgani va uni Las-Vegas Gran-prisida gʻalaba qozonish imkoniyatidan mahrum qilganini tushuntirdi: u marraga toʻrtinchi boʻlib yetib keldi.

Las-Vegas Gran-prisida Antonelli Maks Ferstappen bilan gʻalaba uchun kurashdi, biroq soʻnggi davra oldidan Red Bull pilotiga hujum qilmaslikka qaror qildi. U quvib oʻtish rejimini saqlab qolib, marrada yaxshiroq pozitsiyaga ega boʻlish uchun raqibining ortida qolmoqchi edi.
Burilish oldidan pilot gaz pedalini qoʻyib yubordi, soʻng tezlikni yoʻqotmaslik uchun uni yana biroz bosdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu tizim ishida nosozlikka sabab boʻlgan: Mercedes energiya toʻplashni toʻxtatgan va burilishdan chiqishda batareya quvvatsiz qolgan. Toʻgʻri yoʻlda Antonelli qariyb ikki soniya yoʻqotdi, shundan keyin uni McLarenning ikkala piloti ham quvib oʻtdi.
Antonelli kvalifikatsiyada eng yaxshi vaqtni koʻrsatdi, biroq dvigatel almashtirilgani uchun berilgan jarima sabab startni ancha orqaroq pozitsiyadan oldi. Bundan tashqari, u kuchli oʻntalik ichida poygani medium shinalarda boshlagan yagona pilot boʻldi, bu esa pozitsiyalarni qoʻshimcha yoʻqotishiga olib keldi. Keyinroq u yetakchi oʻrinlar uchun kurashga qaytdi va Ferstappenning asosiy taʼqibchisiga aylandi.
Mercedes piloti jamoa toʻgʻri yoʻllarda Red Bulldan qolishmasligi mumkinligini taʼkidladi. Aerodinamik bosim kuchining pastroq darajasi tezlanishda yordam bergan, garchi bu burilishlardan oʻtishni qiyinlashtirgan boʻlsa ham. Antonellining aytishicha, Mercedesda soʻnggi davra uchun hali energiya zaxirasi qolgan, biroq u bundan foydalana olmagan.




