Maykl Karrik «Manchester Yunayted»ni «Roma»ga qarshi oʻyinda muxlislarni xursand qilishga chaqirdi
Jamoalar Chempionlar ligasi umumiy bosqichining toʻrtinchi turida uchrashadi. Hozir «qizil iblislar» barcha musobaqalarda ketma-ket toʻqqizta oʻyindan beri gʻalaba qozona olmayapti.

Murabbiy rimliklarga qarshi oʻyin jamoa uchun oʻziga xos boʻlishiga umid qilmoqda. Uning aytishicha, yirik Yevrokubok bahslarida hissiyotlar oʻyin boshidanoq joʻsh uradi: ularni oʻyindan oldin, qizish mashqlari paytidayoq his qilasiz va bu tuygʻu final hushtagigacha tark etmaydi. Karrikning fikricha, hozir «Yunayted»ga aynan shunday ruhiyat kerak.
Murabbiy, shuningdek, manchesterliklar 0:2 hisobida yutqazgan «Chelsi»ga qarshi oʻtgan oʻyinda jamoani qoʻllab-quvvatlagan muxlislarga minnatdorlik bildirdi.
«Muxlislarimiz ajoyib edi. Hatto biz maydonda oʻn kishi boʻlib qolganimizda ham, ular ikkinchi boʻlim davomida tinmay qoʻllab-quvvatlashdi. Klubga boʻlgan haqiqiy muhabbat shunday namoyon boʻladi: u aynan qiyin davrlarda sinaladi va muxlislar bu sinovdan oʻtishdi. Endi navbat bizga — ularga xuddi shunday javob qaytarishimiz kerak. Buni esa bugunoq boshlash lozim», — dedi Karrik.


