Kunde ijtimoiy tarmoqlarda ingliz tilidan foydalangani uchun bildirilgan eʼtirozlarga javob berdi
«Barselona» va Fransiya terma jamoasi himoyachisi Jyul Kunde ijtimoiy tarmoqlarda ingliz tiliga oʻtganini tanqid qilgan Snapchat foydalanuvchisiga javob berdi. Futbolchi xabarlarni fransuz, ingliz va ispan tillarida eʼlon qilishda davom etishini aytdi.

Foydalanuvchi Kundeni «bizni anglofonlarga aylantirishni bas qilishga» chaqirdi. Bunga javoban futbolchi bunday xabarlarni muntazam olishini aytdi hamda fransuzlarni ingliz tilida soʻzlashadigan odamlardan xafa boʻlmaslikka va ular sababli oʻzlarida kompleks paydo qilmaslikka chaqirdi.
Kundening soʻzlariga koʻra, ingliz tili dunyodagi eng keng tarqalgan til boʻlib qolmoqda va kino, musiqa, biznes hamda boshqa sohalarda yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Bu sohalar unga taʼsir qiladi, shu sababli u ingliz tilini oʻrgangan va bu tilda gaplashishni yoqtiradi.
«Shuning uchun men fransuz, ingliz va ispan tillarini ham navbatma-navbat ishlatishda davom etaman. Bunga koʻnikishingizga toʻgʻri keladi», — deb yozdi himoyachi.


