Ronaldu Messiyning Argentina terma jamoasidagi yutuqlariga hurmat bildirdi
Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu Lionel Messining milliy terma jamoadagi xayrlashuv uchrashuviga ijtimoiy tarmoqlarda munosabat bildirdi.
Krishtianu Ronaldu Lionel Messiga hujumchining Argentina terma jamoasi safidagi soʻnggi oʻyinidan keyin murojaat qildi. Portugaliyalik futbolchi Messining postiga yozgan izohida uning koʻp yillar davomida oʻz mamlakatini sharaf bilan himoya qilgani va u bilan birga katta natijalarga erishganini taʼkidladi.
«Argentina bilan erishgan barcha yutuqlaring uchun senga boʻlgan hurmatim cheksiz. Quchoqlayman», — deb yozdi Ronaldu.
Benin bilan uchrashuv chorshanbaga oʻtar kechasi Buenos-Ayresda boʻlib oʻtdi va argentinaliklarning 3:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Messi gollardan birini urdi va sheriklariga ikki marta golli uzatma berdi. Oʻyin «Monumental» stadionida oʻtkazildi.
Messi milliy terma jamoadagi debyutini 2005 yil avgustida Vengriyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida oʻtkazgan. U terma jamoa safida 208 ta oʻyin oʻtkazib, 125 ta gol urdi va 68 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Hujumchi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionatida, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogida, shuningdek, 2022 yilgi Finalissimada gʻolib boʻlgan.
Messi terma jamoadagi faoliyatini yakunlash haqidagi qarorni 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin qabul qilgan.


