Jey-Jey Gabriel kelajagi borasida bir qarorga kelmadi, "Barselona" va "Real" unga qiziqmoqda
16 yoshli "Manchester Yunayted" tarbiyalanuvchisi Yevropaning yetakchi klublari qiziqishi tufayli jamoani tark etishi mumkin, deb xabar beradi Sky Sports Football.

Jey-Jey Gabriel va uning oilasi hali keyingi klub borasida bir qarorga kelgani yoʻq, biroq uning faoliyatini Yevropada davom ettirish ehtimoli borgan sari oshayapti.
Seshanba kuni futbolchi 16 yoshga toʻldi — bu yoshdan boshlab Yevropa klublari u bilan professional shartnoma imzolashi mumkin. "Real", "Barselona", PSJ va "Bavariya" unga qiziqish bildirmoqda. Gabriel ota-onasi orqali Yevropa pasportini olish huquqiga ega.
Sky Sports News xabariga koʻra, agar u Yevropa klubiga oʻtsa, "Yunayted" sudga daʼvo arizasi kiritishni koʻrib chiqadi. Biroq manbalarning taʼkidlashicha, futbolchi va uning yaqinlari bundan xavotirda emas.
Gabriel hamon "Yunayted"da roʻyxatdan oʻtgan oʻyinchi boʻlib qolmoqda, ammo bir necha bor urinishlarga qaramay, klub u va uning oilasi bilan bogʻliq vaziyatni hal qila olmadi. Dushanba kuni u 8-sentabrdayoq olingan jamoaviy suratda paydo boʻldi, ammo shundan koʻp oʻtmay jamoadan ketish boʻyicha rasmiy soʻrov yubordi.
Klubdagilar uning asosiy jamoaga chiqishi uchun barcha sharoitni yaratib bergan deb hisoblaydi: umumiy suratga kiritishdi, mavsumoldi yigʻinida asosiy tarkib bilan mashgʻulot oʻtash va "Atletiko"ga qarshi oʻrtoqlik oʻyinida debyut qilish imkoniyatini taqdim etishdi. Futbolchining oilasi esa zaxiradan tushib oʻynagan 8–9 daqiqadan koʻprogʻini xohlagan edi.
Oldinroq Gabriel mavsumoldi yigʻini boshida akademiyaga kelmagan edi — oilasi buni uning saviyasidan past deb hisoblagan. Unda birinchi jamoa murabbiylari va tibbiy shtabi ishtirokida individual rivojlanish rejasi boʻlgan. Kelishmovchiliklar oʻyin vaqti sabab kelib chiqdi: oilasi "Saboh", "Brayton" va "Bornmut"ga qarshi uchrashuvlarda unga kamida 20 daqiqadan vaqt berilishini talab qilgan. U "Saboh"ga qarshi oʻyinda qatnasha olmasdi (chunki "A" roʻyxatiga kiritilmagan edi), ammo oʻsha kuni UEFA Yoshlar ligasida xet-trik qayd etdi.
Endi, 16 yoshga toʻlgach, u avtomatik ravishda "B" roʻyxatiga oʻtadi va asosiy jamoada toʻp sura oladi. Biroq uning oilasi, ehtimol, qulay fursat allaqachon boy berilgan deb hisoblayapti.
FIFA qoidalaridagi boʻshliq sabab, agar Yevropa pasporti boʻlsa, Gabriel 16 yoshga toʻlganidan keyin qitʼaning boshqa klubiga oʻtib ketishi mumkin. Oʻshandan buyon u "Yunayted" bilan mashgʻulot oʻtkazmadi. Klublar oʻrtasida hech qanday aloqa boʻlmagan. Agar biror Yevropa klubi uni oʻz safiga qoʻshib olishga harakat qilsa, "Yunayted" yuridik choralarni koʻrib chiqadi.
Klubdagi manbalar bu keskinlikka oilaning rekordlar ortidan quvish istagi sabab boʻlgan deb hisoblamoqda, "Yunayted" esa uning rivojlanish jarayonini himoya qilmoqchi. Hozircha u klub oʻyinchisi boʻlib qolmoqda, biroq uni yana "Yunayted" libosida koʻrish ehtimoli past.


