Angliya klublarining 94 foizi zarar bilan ishlamoqda — IFR hisoboti
Angliyaning mustaqil futbol regulyatori qarzlar oʻsishi va mulkdorlarga qaramlik sabab aksariyat jamoalar moliyaviy inqirozga uchrashi mumkinligidan ogohlantirdi.
IFR hisobotida Angliyadagi futbol klublarining 94 foizi zarar koʻrayotgani, Angliya futbol ligasi (EFL) va Milliy liga klublarining 60 foizi esa texnik jihatdan toʻlovga qodir emasligi qayd etilgan.
Klublarning chorak qismidan koʻprogʻi mulkdorlar tomonidan moliyalashtirilmasa, 30 kundan ortiq faoliyat yurita olmaydi. Premer-ligadagi oʻrtacha klub Chempionshipdagi klubga qaraganda sakkiz baravar koʻp daromad oladi — £341 mln ga qarshi £38,9 mln.
Regulyator xarajatlar ustidan nazoratni kuchaytirish va ligalar oʻrtasida daromadlarni qayta taqsimlashni oʻz ichiga olgan olti bosqichli islohotlar rejasini taklif qilmoqda. Hisobot boʻyicha maslahatlashuvlar dekabrgacha davom etadi, yakuniy versiya esa 2027 yil boshida eʼlon qilinadi.
IFR raisi Devid Kogan shunday dedi: «Daromadlarning keskin oʻsishi xarajatlar oʻsishiga yetib bormayapti, bu esa qarzlarning koʻpayishi va mulkdorlarga qaramlikka olib kelmoqda».


