«Koventri» «Nyukasl»ni 4:1 hisobida tor-mor etib, quyi ligaga tushib ketish zonasidan chiqdi
Jek Rudoni, Sidiki Sherif, Ellis Simms va Stiven Mfuni urgan gollar Frenk Lempard jamoasiga mavsumdagi ilk uy gʻalabasini keltirdi, deb yozadi Sky Sports Football.

«Koventri» «Nyukasl»ni 4:1 hisobida magʻlub etib, Premer-ligadagi ketma-ket ikkinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Bu jamoaning joriy mavsumdagi ilk uy gʻalabasi boʻlib, «Koventri»ga quyi ligaga tushib ketish zonasini tark etish imkonini berdi.
Uchrashuvning 6-daqiqasida «Nyukasl» darvozaboni Lukash Gornichekning Sherifga nisbatan qoidasini buzganidan soʻng Rudoni penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Ikkinchi boʻlim boshida 19 yoshli Sherif jarima maydoni chetidan kuchli zarba berib, ustunlikni ikki toʻpga yetkazdi. Sven Botman 70-daqiqada uzoq masofadan yoʻllagan zarbasi bilan farqni qisqartirdi, biroq zaxiradan maydonga tushganidan uch daqiqa oʻtib Simms «Koventri»ning ikki toʻplilik ustunligini tikladi. «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi, 18 yoshli Mfuni 86-daqiqada toʻrtinchi golni urib, «Koventri»ning Premer-ligadagi eng yosh gol muallifiga aylandi.
«Koventri» navbatdagi uchrashuvni dushanba kuni safarda «Tottenhem»ga qarshi oʻtkazadi, «Nyukasl» esa shanba kuni «Aston Villa»ni qabul qiladi.


