Islam Maxachev 30-yanvar kuni Karlos Prates bilan jang oʻtkazishi mumkin
Insayder Alvaro Kolmeneroning xabar berishicha, braziliyalik jangchi UFCʼning yarim oʻrta vazn toifasidagi chempioniga UFC 336 turnirida ehtimoliy raqib boʻladi.

MMA olamidagi mashhur insayder Alvaro Kolmenero UFC yarim oʻrta vazn toifasi chempioni Islam Maxachevning navbatdagi qadami haqida maʼlumot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, rossiyalik jangchi braziliyalik Karlos Prates bilan toʻqnash kelishi kerak.
Agar tomonlar kelishuvga erishsa, ularning jangi 2027-yil 30-yanvar kuni Kanadaning Toronto shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan UFC 336 turnirining markaziy bahsiga aylanadi.
«Pratesga ayni payt formasining choʻqqisiga chiqish vaqti keldi. Muzokaralar meʼyorida kechsa, 30-yanvar kuni Torontoda UFC 336 turnirida braziliyalik oktagonni Maxachev bilan boʻlishadi», — dedi Kolmenero.
Kontekst
Uzoq vaqt davomida yengil vazn toifasida hukmronlik qilgan Maxachev 2025-yilda yarim oʻrta vazn toifasiga koʻtarildi va UFC 322 turniridayoq Jek Della Maddalenadan kamarni tortib oldi. Bu yil UFC 330 turnirida u Ian Garri bilan jangda chempionlik unvonini himoya qildi.
Qizigʻi shundaki, ayni shu divizionda biror marta ham magʻlub boʻlmagan qozogʻistonlik Shavkat Raxmonov ham ishtirok etadi. U bir vaqtlar reytingda birinchi oʻrinni egallagan va kamar uchun yaqqol daʼvogar hisoblangan. Biroq 2024-yil dekabrida Garri bilan jang qilganidan soʻng, kuchayib ketgan jarohatlari sabab tanaffus olishga majbur boʻldi. Qozogʻistonlik jangchi tanaffusda boʻlgan paytda UFC reytingidan chiqarib tashlandi.
Avvalroq yarim oʻrta vaznda ishtirok etayotgan, magʻlubiyatga uchramagan ekvadorlik Maykl Morales ham chempionga va Raxmonovga qarshi chiqishga qaror qilgandi.

