«London Lions» ilk bor NBA klubi bilan oʻynadi, ammo «Portlend Treyl Bleyzers»ga 66:119 hisobida yutqazdi
Britaniya jamoasi tarixda NBA jamoasi bilan oʻynagan birinchi klub boʻldi, biroq 53 ochko farqi bilan magʻlubiyatga uchradi, deb yozadi Sky Sports.

«London Lions» Oregon shtatida «Portlend Treyl Bleyzers»ga qarshi tarixiy uchrashuv oʻtkazdi, ammo 66:119 hisobida yutqazdi. Mezbonlar butun oʻyin davomida ustunlik qildi: uchrashuv vaqtining 99 foizida hisobda oldinda boʻldi va farqni 57 ochkogacha yetkazdi.
«Treyl Bleyzers» har bir chorakda gʻalaba qozondi: 34:21, 72:33 va 100:49. Londonliklar maydondan berilgan zarbalarning atigi 30 foizini, uch ochkolik zarbalarning esa 33 tadan 7 tasini aniq amalga oshirdi. Portlendda bu koʻrsatkichlar mos ravishda 56 foiz va 34 tadan 16 tani tashkil etdi. Mezbonlar savat ostidagi kurashda (54:24) va ribaundlarda ham (51:32) mehmonlardan ustun keldi.
Maksvel Lyuis «Lions» tarkibida 13 ochko, 5 ta ribaund va 4 ta toʻp olib qoʻyish bilan eng yaxshi natijani qayd etdi. Devante Adams 12 ochko qoʻshdi, Itan Prays va Joel Skott esa 8 ochkodan toʻpladi. Portlend safida Tumani Kamara va Skut Xenderson 14 ochkodan oldi, Sidi Sissoko esa uch ochkolik zarbalardan uchtasini ham qoʻshib, maydondan bergan barcha besh zarbasini aniq amalga oshirdi.
«Lions» bosh murabbiyi Tautvidas Sabonis oʻyin vaqti omadsiz tanlanganini tan oldi: jamoa ichki va Yevropa mavsumlari avjida 10 000 mil masofaga parvoz qildi. London milliy chempionatda magʻlubiyatsiz qolmoqda (5-0) va Eurokubok guruh bosqichidagi ikki uchrashuvdan birida gʻalaba qozondi.
