Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritdi
Aralash jamoaviy bahslarda oʻzbekistonlik dzyudochilar uchinchi oʻrin uchun kechgan bahsda Moʻgʻulistonni 4:2 hisobida magʻlub etdi, deb xabar bermoqda IJF.

Oʻzbekiston terma jamoasi dzyudo boʻyicha jahon chempionatining aralash jamoaviy bahslarida bronza medali sohibiga aylandi. Medal uchun hal qiluvchi bahsda jamoa Moʻgʻuliston ustidan gʻalaba qozondi.
Jamoaga ilk ochkoni qoʻshimcha vaqtda gʻalaba qozongan Shirinjon Yoʻldosheva keltirdi. Nurbek Murtazoyev 90 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida ippon bilan gʻalaba qozonib, ustunlikni mustahkamladi. Moʻgʻulistonlik sportchi hisobdagi farqni vaqtincha qisqartirganidan soʻng, Muzaffarbek Turaboyev farqni qayta tikladi, Shahram Ahadov esa bahsni gʻalaba bilan yakunladi.
Chorak finalda Oʻzbekiston qoʻshimcha bahsdan soʻng Gruziyani 4:3 hisobida magʻlub etdi. Gʻalabani Umida Nigmatovaning jangi taʼminladi. Yarim finalda esa jamoa xuddi shunday formatda Rossiyaga imkoniyatni boy berdi: hisob 3:3 boʻldi, hal qiluvchi bahsda Turaboyev magʻlubiyatga uchradi.
Jahon chempioni finalda Rossiyani 4:2 hisobida magʻlub etgan Yaponiya boʻldi. Shaxsiy bahslarda oʻzbekistonlik dzyudochilar orasida eng yaxshi natijani 100 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida beshinchi oʻrinni egallagan Toʻlqinbek Turdiyev qayd etdi.


