Toshkent hokimligi «Paxtakor»ga 5 mlrd soʻm ajratadi
Poytaxt klubi shahar budjetidan moliyaviy yordam oladi. Tegishli hujjatni Shavkat Umurzakov 29-oktabr kuni imzoladi.

Mablagʻlar manbai hokimlik tasarrufidagi Toshkentni rivojlantirish jamgʻarmasi boʻladi. Klub bu summani faqat tasdiqlangan smetasiga muvofiq sarflaydi.
Mablagʻ ajratishni ikki idora taklif qildi: yoshlar siyosati, ijtimoiy soha hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni nazorat qiluvchi hokim oʻrinbosari va «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» davlat korxonasi.
Jarayonda asosiy rol Dauletiyar Xudaybergenovga yuklatilgan. Moliya, iqtisodiyot va kambagʻallikka qarshi kurash uchun masʼul hokimning birinchi oʻrinbosari masalani «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ kuzatuv kengashi koʻrib chiqishi uchun kiritadi. Shundan soʻng u kompaniya bilan birgalikda mablagʻni shahar jamgʻarmasidan oʻtkazishni tashkil etadi.


