Sovrin pullari oshiriladi, OTMlarda stipendiya va grantlar beriladi — Prezident olimpiadasi gʻoliblariga imtiyozlar
Musobaqada mamlakat hududlaridan kelgan yosh sportchilar ishtirok etadi, dasturdan olimpiya va paralimpiya sport turlari oʻrin olgan.

2027-yildan Prezident olimpiadasi gʻoliblari va sovrindorlariga beriladigan mukofotlar 2,5 baravar oshiriladi. Bu haqda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida ikkinchi bor oʻtkazilayotgan turnirning ochilish marosimida maʼlum qildi. Bu yil musobaqada 3500 nafardan ortiq yosh sportchi ishtirok etmoqda, medallar 26 ta sport turida oʻynaladi.
Gʻolibga 25 mln soʻm, ikkinchi oʻrin sohibiga 12 mln soʻm, uchinchi oʻrin sohibiga esa 6 mln soʻm beriladi. Gʻoliblarga shuningdek, bir yillik stipendiya tayinlanadi, 50 nafar eng yaxshi ishtirokchi esa har yili xorijda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida qatnashadi. Olimpiadada gʻolib boʻladigan va Oʻzbekiston rekordini oʻrnatadigan maktab bitiruvchilari OTMlarning sport yoʻnalishlariga imtihonlarsiz va grant asosida oʻqishga kirishi mumkin. Kelgusida sport turlari soni 35 taga yetadi. Bundan tashqari, Olimpiya shaharchasiga Olimpiya shon-shuhrati muzeyi koʻchiriladi.
Prezident shuningdek, oʻzbekistonlik sportchilar oʻn yil davomida yirik xalqaro musobaqalarda 5518 ta medal, jumladan, 1675 ta oltin medalni qoʻlga kiritganini aytdi. Bu avvalgi oʻn yillikdagi koʻrsatkichdan uch baravar koʻp.


