Javohir Sindorov Clutch Chess: Champions Showdown turnirida gʻolib boʻldi
Bu musobaqa uning Gukesh Dommarajuga qarshi jahon chempioni unvoni uchun oʻtkaziladigan bahs oldidan ishtirok etgan soʻnggi turniri boʻldi.

Oʻzbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQShning Sent-Luis shahrida oʻtkazilgan Clutch Chess: Champions Showdown turnirida gʻolib boʻldi, deb xabar berdi Shaxmat federatsiyasi.
Musobaqa uch kun davom etdi. Sindorovning raqiblari jahon shaxmatining yulduzlari — Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana va Rameshbabu Praggnanandhaa boʻldi. Turnir yakunlariga koʻra, oʻzbekistonlik shaxmatchi 20,5 ochko jamgʻarib, birinchi oʻrinni egalladi.
Musobaqaning sovrin jamgʻarmasi 425 000 dollarni tashkil etdi, shundan 125 000 dollari gʻolibga beriladi. Bundan tashqari, Sindorov har bir yutgan partiyasi uchun bonuslar hamda chempionga atalgan alohida jekpotni qoʻlga kiritadi.
Bu Sindorov uchun jahon chempioni unvoni uchun boʻladigan bahs oldidan soʻnggi turnir edi. U mazkur bahsda Gukesh Dommaraju bilan kuch sinashadi.

