Oʻyin vaqtida darvozabon bilan toʻqnashuvdan soʻng yuragi toʻxtab qolgan «Tenerife» futbolchisi De Migel vafot etdi
Fojia kecha 12-tur doirasida «Andorra»ga qarshi oʻyinda yuz berdi. Uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan yettinchi daqiqada mehmonlar darvozaboni Xesus Ovono markaziy maydonda toʻpni egallashiga yoʻl qoʻymaslikka urinib, De Migelni qattiq urib yiqitdi va darhol toʻgʻridan-toʻgʻri qizil kartochka oldi. Hujumchi maydonda yotib qoldi, bir necha soniyadan soʻng futbolchilar uning hushsiz ekanini payqashdi. Futbolchini tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketishdi. Keyinroq uning yuragi va nafas olishi toʻxtab qolgani maʼlum boʻldi.
Seshanba kuni ertalab klub De Migelning nevrologik holati yomonlashganini maʼlum qildi va yaqin soatlarda qoʻshimcha axborot berishga vaʼda berdi. Oradan biroz vaqt oʻtib, «Tenerife» 30 yoshli ispaniyalik futbolchining vafot etganini eʼlon qildi.
«Yuragimiz iztirobga toʻlib, tomogʻimizga nimadir tiqilgandek, hali ham boʻlgan voqeaga ishonolmay turgan bir paytda, “Tenerife” Xesus de Migelning fojiali vafot etganini maʼlum qiladi. U 2026-yil 3-noyabr, seshanba kuni soat 08:00 da vafot etdi.
Tasalli berishga qodir soʻzlar yoʻq, bu qaygʻuni yengillashtira oladigan hech narsa ham mavjud emas. Biz uning qaygʻuga botgan oilasi, yaqinlari va bugun bu dahshatli yoʻqotish uchun aza tutayotgan barcha insonlar bilan birgamiz.
Xesus de Migelning oilasi bildirilgan har bir hamdardlik soʻzi uchun minnatdor va shu ogʻir damlarda uning shaxsiy hayotiga imkon qadar hurmat bilan munosabatda boʻlishni samimiy soʻraydi», — deyiladi klub bayonotida.


