Vasser Lekler va Hemiltonni tanqid qildi: «Juda jahlim chiqdi»
«Ferrari» jamoasi rahbari Frederik Vasser Meksika Gran-prisining start aylanasida Sharl Lekler va Lyuis Hemilton oʻrtasidagi kurash haqida keskin fikr bildirdi.

«Birinchi burilishga birinchi va ikkinchi boʻlib kirdik. Meksikada biror manevr bunday tavakkalni oqlaganini eslay olmayman. Yakunda esa fakt shuki: bizning poygachilarimiz ikkinchi va toʻrtinchi oʻrinlarni egalladi.
Aybni faqat bir kishiga yuklamoqchi emasman, ammo, albatta, ikkalasi bilan ham gaplashishimga toʻgʻri keladi.
Bu kurash davomida ikkalasi ham trassadan tashqariga chiqib ketdi. Ammo ular brend, homiylar va jamoa uchun sahna ortida mehnat qilayotgan 2000 kishining nomidan qatnashayotganini yodda tutishi kerak.
Poygachilar trassaga koʻngilxushlik yoki faqat oʻzlari uchun chiqmaydi. Ular ulkan jamoa uchun bellashadi. Juda jahlim chiqdi», — dedi Vasser.


