MakTominay JCh-2026 boshlanishidan ikki kun oldin yuragini «qayta ishga tushirishganini» aytdi
«Napoli» yarim himoyachisi Skott MakTominay JChda Shotlandiyaning Gaiti bilan oʻyinidan ikki kun oldin yurak ritmini toʻgʻrilash uchun muolaja olganini maʼlum qildi.

MakTominay iyun oyida turnirdagi ilk oʻyin oldidan yurak urishining nomuntazamligi sababli muolajadan oʻtishga majbur boʻlganini aytdi. Jarayondan soʻng shifokorlar futbolchiga Gaitiga qarshi oʻynashga ruxsat berdi — Shotlandiya 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. U Marokash va Braziliyaga qarshi oʻyinlarda ham maydonda toʻliq 90 daqiqa harakat qildi.
Yaqinda yarim himoyachi Manchesterda yurak ritmi buzilishlarini toʻgʻrilashga qaratilgan minimal invaziv muolaja — ablyatsiyadan oʻtdi. MakTominayning soʻzlariga koʻra, operatsiya yaxshi oʻtgan va hozir u oʻzini ancha yaxshi his qilmoqda. U kuzda oʻziga yordam bergan «Napoli» klubi hamda tibbiyot mutaxassislariga ham minnatdorlik bildirdi.
Sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sabab futbolchi Shotlandiyaning Millatlar ligasidagi dastlabki toʻrtta oʻyinini oʻtkazib yubordi: jamoa bir marta gʻalaba qozondi, bir marta durang oʻynadi va ikki marta magʻlub boʻldi. Mamlakat chempionati hamda Chempionlar ligasidagi oʻyinlarga qaytganidan soʻng MakTominay yana terma jamoaga chaqirildi.
Shotlandiya juma kuni Shimoliy Makedoniyani qabul qiladi, dushanba kuni esa Shveysariyaga qarshi safarda oʻynaydi.




