Bermen Alpine bilan muzokaralar fonida Haasni tark etishi mumkin
Oliver Bermen yangi shartnoma boʻyicha Haas bilan kelisha olmayapti, uning menejerlari esa Alpine bilan muzokara olib bormoqda.

Muzokaralar Bermenning ehtimoliy jamoadoshi Rafael Kamara borasidagi xavotirlari sabab murakkablashdi. Har ikki poygachi Ferrari yoshlar dasturiga kiradi. Britaniyalik haydovchi jamoa ichidagi taqqoslashda braziliyalikka yutqazishni istamaydi, chunki bu uning Ferrariʼdan joy olish imkoniyatlariga taʼsir qilishi mumkin.
Bermenning rejalarini Italiya jamoasining tarkibi ham murakkablashtirmoqda. Sharl Lekler va Lyuis Xemilton ketmoqchi emas, shu bois Bermenning kelasi yilning oʻzidayoq Ferrariʼga oʻtishiga umid qilish qiyinroq boʻladi.
Yozdan beri haydovchining menejerlari boshqa jamoalar bilan variantlarni muhokama qilmoqda. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, eng real variant hanuz Alpineʼga oʻtish boʻlib qolmoqda. Bermen vakillari jamoaning ijrochi maslahatchisi Flavio Briatorening Franko Kolapintoning beqaror natijalaridan noroziligiga umid qilmoqda.




