Cadillac F1 uchun oʻz dvigatelini 2030 yilgacha kechiktirdi
Cadillac 2029 yilgacha Ferrariʼning mijoz jamoasi boʻlib qoladi, General Motors esa F1 V8 ga oʻtishi fonida oʻz kuch qurilmasini 2030 yilda joriy etishni rejalashtirmoqda.

Cadillac oʻz kuch qurilmasini 2030 yilda chempionatga olib chiqishni rejalashtirayotganini Cadillac bosh direktori Den Taueriss tasdiqladi. Ungacha jamoa Ferrari dvigatellaridan foydalanishda davom etadi.
Dastlab General Motors oʻz agregati bilan 2029 yilda ishtirok etishni rejalashtirgandi. Biroq jamoalar va ishlab chiqaruvchilar 2030 yildan hajmi 2,1 litr boʻlgan, elektr quvvati ulushi kamaytirilgan turbinali V8 dvigatellarga oʻtish boʻyicha prinsipial kelishuvga erishdi. Hujjat hali imzolanmagan.
Amaldagi qoidalar boʻyicha dvigatelni atigi bir mavsum ishlatish qoʻshimcha xarajatlarni talab qilardi. Shu sabab Cadillac mijoz jamoasi maqomini yana bir yil saqlab qolishga qaror qildi. 18 dekabr kuni Sharlott shahrida kuch qurilmalarini ishlab chiqish uchun maxsus majmua ochiladi. Dastlab muhandislar V6 va V8 ustida parallel ishlaydi, biroq 2029 yil uchun V6 ni toʻliq rivojlantirishga endi ehtiyoj qolmaydi.
Oʻz agregati joriy etilgach, Cadillac zavod jamoasiga aylanadi. Tauerissning aytishicha, V8 ning soddaroq va arzonroq konstruksiyasi yangi ishlab chiqaruvchining chempionatga kirib kelishini ham osonlashtiradi.




