Luka Donchich NBAda hali hech kim erishmagan tarixiy natijaga yaqinlashdi
«Los-Anjeles Leykers» oʻyin quruvchisi Luka Donchich 30 va undan koʻp ochko, besh ribaund va besh assistdan iborat toʻqqiz oʻyinlik rekord seriyani takrorladi.

12 noyabrga oʻtar kechasi «Leykers» safarda «Milwaukee Baks»ni 123:112 hisobida magʻlub etdi. Donchich 32 ochko toʻplab, besh ribaund oldi va besh assist qayd etdi.
Bunday toʻqqizta oʻyindan iborat seriya NBA rekordi hisoblanadi. Avval bu natijaga Oskar Robertson va 2023 yil dekabrida «Dallas Maveriks» safida oʻynagan Donchich erishgan. Endi sloveniyalik basketbolchi bu natijani ikkinchi bor takrorladi va keyingi uchrashuvda ham shu koʻrsatkichni saqlab qolsa, rekordning yagona sohibiga aylanishi mumkin.
Joriy muntazam chempionatda Donchich oʻrtacha ochko toʻplash boʻyicha yetakchilik qilmoqda — har bir oʻyinda 38,6 ochko. «Leykers» hisobida 11 ta gʻalaba va 2 ta magʻlubiyat bor.




