Britaniyalik havaskor boks yulduzi Moss-Burch Jake Paulning MVP kompaniyasi bilan shartnoma tuzdi
21 yoshli britaniyalik havaskor bokschi Amber Moss-Burch Jake Paulning Most Valuable Promotions kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Uning professional debyuti 2027 yil boshida kutilmoqda.

Moss-Burch professional debyutidan oldin MVP bilan shartnoma imzolagan ilk britaniyalik havaskor bokschi boʻldi. Kompaniyaga Jake Paul va Nakisa Bidarian asos solgan.
2022 yilda Moss-Burch yoshlar toifasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqdi. 81 kilogrammgacha boʻlgan yarim ogʻir vazn finalida u oʻzbekistonlik sportchi Oltinoy Sotimboyevani birinchi raunddayoq toʻxtatdi. Shuningdek, britaniyalik bokschi 2019 yilgi maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi Yevropa chempionatida oltin, 2022 yilgi yoshlar oʻrtasidagi Yevropa chempionatida esa bronza medalini qoʻlga kiritgan.
Moss-Burch havaskorlik faoliyati davomida 14 ta xalqaro oltin medal va toʻrtta milliy chempionlikni qoʻlga kiritdi. MVP uning professional debyuti 2027 yil boshida boʻlishini kutayotganini bildirdi.




