Stiven Karri NBA muntazam chempionatlari tarixidagi eng yaxshi toʻpurarlar top-16ligiga kirdi
Stiven Karri NBA muntazam chempionatlarining eng yaxshi toʻpurarlari roʻyxatida 16-oʻringa koʻtarildi. U faoliyati davomida 26 803 ochko jamgʻargan.

Muntazam chempionatlardagi ochkolar umumiy soni boʻyicha 38 yoshli amerikalik 16-oʻringa chiqib, «Denver Naggets» himoyachisi Demar DeRozanni ortda qoldirdi. Endilikda liga toʻrt karra chempioni hisobida 26 803 ochko bor.
Karri bu marrani 10 noyabr kuni «Nyu-Orlean Pelikans»ga qarshi oʻz maydonida oʻtkazilgan uchrashuvda zabt etdi. «Uorriorz» oʻyinda 138:87 hisobida yirik gʻalabaga erishdi. «Golden Steyt» yetakchisi maydonda 21 daqiqadan sal kam vaqt ichida 25 ochko toʻpladi, beshta ribaund oldi va ikkita samarali uzatma amalga oshirdi.
Ikki haftaga yetmagan vaqt ichida Karri tarixiy reytingda birdaniga uch pogʻonaga koʻtarildi. Avval u Dominik Uilkinsni ortda qoldirib, 18-oʻringa chiqdi, keyin esa Oskar Robertsondan oʻzib, 17-oʻrinni egalladi.
Roʻyxatda undan keyingi oʻrinda faoliyatini 26 946 ochko bilan yakunlagan afsonaviy markaziy hujumchi Hakeem Olajuwon turibdi. Uni ortda qoldirish uchun Karriga yana 144 ochko toʻplash kerak.




