Riolo Chempionlar ligasini 16 ta «elita» jamoaga qisqartirishni taklif qildi
Fransiyalik jurnalist Daniel Riolo Chempionlar ligasining amaldagi formatini keskin tanqid qilib, turnirni 16 ta «elita» jamoagacha tubdan qisqartirishni taklif qildi.

Riologa koʻra, turnir yangi formatda oʻtkazilayotganiga uchinchi mavsum boʻldi va bu format tomoshaboplik uchun oʻylab topilganiga ishonish soddalikdir. Jurnalistning fikricha, islohot, avvalo, pul sababli va Superliga loyihasiga javoban joriy etilgan, tashkilotchilar esa daromaddan voz kechishni shunchaki istamagan.
«Keling, ikkiyuzlamachilikni bas qilaylik. Turnirda 16 ta jamoa boʻlsin — faqat elita jamoalar — va sentyabrdan maygacha faqat katta oʻyinlarni tomosha qilaylik. Ochko hisob-kitoblari tugamaydigan bu format jonimga tegdi. Agar har bir oʻyin nimanidir hal qilsa, barcha uchrashuvlar qiziqarli boʻladi», — dedi Riolo RMC Sport telekanalidagi After Foot dasturi efirida.
Jurnalistdan «elita» klubiga misol keltirishni soʻrashganda, u hozir umumiy jadvalning kuchli sakkizligidan joy olgan «Aston Villa»ni tilga oldi.
«Seshanbadagi oʻyin meni qiziqtirmadi, chunki u hech narsani hal qilmasdi. Yagona yechim — 16 ta ishtirokchi, faqat eng kuchlilar. Bizni «Slovan»ning «PSJ»ga qarshi oʻyini kimgadir kerakligiga ishontirishga urinmang. Bu bemaʼnilik», — deya qoʻshimcha qildi Riolo.




