«Andorra» darvozaboni de Migel bilan toʻqnashuvdan soʻng yigʻladi va ijtimoiy tarmoqlarini yopdi
Xesus Ovono «Segunda» uchrashuvida «Tenerife» futbolchisi Xesus de Migelning vafotini ogʻir kechirmoqda. Darvozabon haqoratlar sabab ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yopdi.

«Andorra» darvozaboni Xesus Ovono «Segunda»ning 12-tur uchrashuvida toʻqnashib ketgan «Tenerife» yarim himoyachisi Xesus de Migelning vafotini ogʻir kechirmoqda.
Hodisa uchrashuvning qoʻshib berilgan 7-daqiqasida yuz berdi. Ovono darvozasidan ancha uzoqqa chiqib ketib, maydon markazida de Migelni urib yubordi va buning uchun darhol qizil kartochka oldi. «Tenerife» futbolchisi hushsiz holda maydonda yotib qoldi va tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketildi. OAV maʼlumotlariga koʻra, de Migelning yuragi va nafasi qariyb 20 daqiqaga toʻxtab qolgan. U 3-noyabr kuni ertalab vafot etdi.
As xabariga koʻra, uchrashuvdan soʻng Ovono kiyinish xonasida yigʻlab, ibodat qilgan. Darvozabonning yaqinlari u raqibiga zarar yetkazishni istamaganini aytmoqda. Ularning soʻzlariga koʻra, Xesus juda mehribon va gʻamxoʻr inson boʻlib, unda yovuzlik yoʻq.
De Migelning vafoti haqidagi xabar tarqalishidan oldinroq Ovono undan va uning yaqinlaridan uzr soʻrash hamda yordam taklif qilish uchun ular bilan bogʻlanmoqchi boʻlgan.
Toʻqnashuvdan soʻng Ekvatorial Gvineyadan boʻlgan darvozabon ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlar ola boshladi. Shu sababli u sahifalarini yopishga majbur boʻldi.




