Aston Martin Fernando Alonso va Sebastien Lyob bilan «Dakar» rallisida debyut qiladi
Britaniya brendi 2027-yilgi rallida uchta Dreadnought yoʻltanlamasini startga chiqaradi. Ularni jahon avtosporti yulduzlari boshqaradi.

Aston Martin ilk bor 2027-yil 9–23-yanvar kunlari oʻtkaziladigan «Dakar» rallisida qatnashadi. Jamoa uchta Dreadnought avtomobilini startga chiqaradi; ularni britaniyalik Prodrive kompaniyasi ishlab chiqadi va tayyorlaydi. Ekipajlar tarkibidan Formula-1ning ikki karra chempioni Fernando Alonso, rallida toʻqqiz karra jahon chempioni Sebastien Lyob hamda ralli-reydda amaldagi jahon chempioni Lukas Moraes oʻrin oladi. Alonso uchun bu 2020-yilda musobaqada qatnashib, 13-oʻrinni egallaganidan keyin «Dakar»ga qaytish boʻladi.
Alonso Mark Koma bilan birga qatnashadi, Lyobga Fabien Lurken, Moraesga esa Pablo Moreno shturmanlik qiladi. Dreadnought avtomobili Call of Duty: Modern Warfare 4 oʻyini uchun yaratilgan, xuddi shu nomdagi virtual yoʻltanlamasdan ilhomlangan. Poyga versiyasining texnik xususiyatlari hozircha oshkor etilmagan. Shu bilan birga, avvalroq avtomobil Dacia Sandrider platformasini olishi mumkinligi xabar qilingan, biroq bu maʼlumot rasman tasdiqlanmagan.




