Fyuri unga tashxis qoʻyilgan shizofreniya haqida gapirdi
11 dekabr kuni Entoni Joshua bilan jang oldidan Tayson Fyuri unda shizofreniya va bipolyar buzilish aniqlangani haqida gapirdi. Bu voqea 27 noyabr kuni Netflixʼda namoyish etiladigan filmda koʻrsatiladi.

Toʻliq metrajli TYSON FURY hujjatli filmi britaniyalik bokschining faoliyati va uning ruhiy salomatligi bilan bogʻliq muammolariga bagʻishlangan. Fyuri bu davrning boshlanishini 2015 yil noyabrida Vladimir Klichkoni magʻlub etganidan keyingi vaqt bilan bogʻlaydi.
U 2016 yil oktabrida Klichkoga qarshi revansh jangini oʻtkazishi kerak edi, biroq tibbiy sabablarga koʻra jang qilishga qodir emas deb topilganidan keyin jangdan voz kechdi. Oʻsha yil iyunida Fyuri yurak xurujida gumon qilinib, kasalxonaga yotqizildi va ovozlar eshitganini aytdi.
Bokschining soʻzlariga koʻra, psixiatr bilan maslahatlashuv unda depressiya, xavotir va bipolyar buzilish borligini aniqlashga yordam bergan. Uning rafiqasi Paris shifokorlar dastlab erining holatini xavotir xuruji bilan izohlaganini, keyin esa uni yengil shizofrenik deb ataganini esladi.
U Klichkoni magʻlub etganidan uch yil oʻtib professional boksga qaytdi, 2018 yil dekabrida esa Deontey Uaylder ustidan gʻalaba qozonib, ogʻir vazn toifasida WBC jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritdi. Sportchi filmda hayotidagi eng katta yutugʻi rafiqasi va farzandlarining qoʻllab-quvvatlashi ekanini aytdi.




