Makdevid Gretzkining tarixiy yutugʻini takrorladi
«Edmonton Oilers» sardori Konnor Makdevid jamoa joriy NHL muntazam chempionatida oʻtkazgan 19 oʻyinning barchasida ochko qayd etdi.

Liga tarixida mavsumni bunday boshlash faqat uch xokkeychiga nasib qilgan edi, endi kanadalik toʻrtinchisi boʻldi.
Bunday seriyani oxirgi marta Deni Hitli qayd etgan. 2005/06-yilgi mavsumda u 5-oktabrdan 29-noyabrgacha ketma-ket 22 ta oʻyinda ochko jamgʻargan.
Bunday startlar eng koʻp Ueyn Gretzkiga nasib qilgan — uch marta. «Buyuk»ning eng uzun seriyasi 1983/84-yilgi mavsumga toʻgʻri keladi: oʻshanda u ketma-ket 51 ta oʻyinda ochko qayd etgan. NHLning bu rekordi hanuzgacha yangilanmagan.
Bu roʻyxatdagi yana bir xokkeychi — Mats Sundin. 1992/93-yilgi mavsumda uning chempionat boshidan boshlangan seriyasi 30 ta oʻyinga choʻzilgan.




