Alkaras Parijdagi turnir finalida Shelton bilan uchrashuv haqida gapirdi
Karlos Alkaras Parijda boʻlib oʻtadigan «Masters» turniri finalida Ben Shelton bilan oʻynaydi. Ispaniyalik tennischi sentyabr oyida US Open turnirining besh setlik yarim finalida unga yutqazgan edi.

Alkaras finalda US Open turniridagi uchrashuviga oʻxshash keskin kurash kechishini kutmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Parijdagi kort ancha tezkor, shu sababli Sheltonning serveʼi yanada xavfli boʻlishi mumkin. «Uning serveʼlarini qabul qilish uchun reflekslar 10 balldan 10 ball darajasida ishlashi kerak», — dedi ispaniyalik tennischi.
U Sheltonni kortning orqa chizigʻida barqaror oʻynaydigan tennischi deb atadi va uning kuchli serveʼini taʼkidladi. Alkarasning fikricha, amerikalik har bir uchrashuvda raqiblariga koʻplab muammolar tugʻdiradi.
Avvalgi uchrashuv issiq havoda oʻtgan va nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham ogʻir kechgan. Alkaras Sheltonning oʻyinlarini oʻrgangan va hozir u juda yuqori saviyada oʻynayotganini, kortda oʻziga ishonch bilan harakat qilayotganini aytdi. Ispaniyalik tennischi raqibining serveʼlarini qabul qilish qiyin boʻlishini tan oldi, ammo buning uchun zarur boʻlgan barcha vositalarni ishga solishga harakat qilishini bildirdi.
Alkaras, shuningdek, US Open yarim finalida Shelton ajoyib oʻyin namoyish etgani evaziga uni magʻlub etganini, koʻplab ochkolarning taqdirini esa kichik tafsilotlar hal qilganini esladi. Ispaniyalik tennischi finalda muhim vaziyatlarda yaxshiroq harakat qilish va oʻz imkoniyatlarini boy bermaslik niyatida.
Alkarasning soʻzlariga koʻra, Shelton hozirgi darajasiga munosib ravishda yetib kelgan va tennisdagi eng iqtidorli tennischilar qatoriga kiradi. Ispaniyalik tennischining oʻzi esa diqqatini jamlab, agressiv oʻynash va uchrashuvdan zavq olishni rejalashtirmoqda. Hatto magʻlub boʻlgan taqdirda ham, u zarur boʻlgan barcha ishni qilganini va oʻyindan zavqlanganini his etishni istaydi.




