«Yuta» himoyachisi Mixaylyuk NBAda ukrainaliklar orasidagi natijadorlik rekordini yangiladi
«Yuta Jazz» himoyachisi Svyatoslav Mixaylyuk NBA muntazam chempionati doirasida «Dallas Mavericks»ga qarshi oʻyinda 39 ochko jamgʻardi.

NBAda bir oʻyinda ukrainalik basketbolchilardan hech biri bunchalik koʻp ochko jamgʻarmagan. Shunga qaramay, «Yuta» 114:116 hisobida magʻlub boʻldi.
Mixaylyuk oʻyinni zaxira oʻrindigʻida boshladi, ammo birinchi chorakdayoq maydonga tushdi. U eng koʻp ochkoni hal qiluvchi chorakda — 23 ochko — jamgʻardi. Umuman, ukrainalik basketbolchi maydondan 12 ta zarbani aniq amalga oshirdi, shundan 10 tasi uch ochkolik zarba boʻldi. Shuningdek, u beshta jarima toʻpining barchasini aniq tashladi. Mixaylyuk hisobiga yana beshta ribaund va uchta assist yozildi.
2019-yildan beri ukrainaliklar orasidagi avvalgi rekord Aleksey Lenga tegishli boʻlib, u 33 ochko jamgʻargan edi. Mixaylyuk bu natijani olti ochkoga yaxshiladi.
Mixaylyuk bu oʻyinda NBAdagi ikkita shaxsiy rekordini ham yangiladi. U avval hech qachon bir chorakda 23 ochko jamgʻarmagan va bir oʻyinda 10 ta uch ochkolik zarbani aniq amalga oshirmagan edi. Bir oʻyindagi uch ochkolik zarbalar soni boʻyicha esa bu «Yuta» tarixidagi ikkinchi natija boʻldi.




