«Goʻyo nishonlarga qarata otayotgandek»: ekspert Djoel Embiidning «Bruklin»ga qarshi oʻyinini yuqori baholadi
«Filadelfiya Sixers» «Bruklin Nets»ni 135:123 hisobida magʻlub etdi. Markaziy oʻyinchi Djoel Embiid 37 ochko toʻpladi, YES Network sharhlovchisi Frenk Izola esa uning oʻyinini yuqori baholadi.

Izolaning soʻzlariga koʻra, aynan Embiid «Nets»ga imkoniyatdan foydalanishga yoʻl qoʻymadi. «U maydonga qaytdi va darhol olti ochko keltirdi. Shunchaki turib, oʻrta masofadan xuddi tirda nishonga otayotgandek zarba berdi — hammasi tushdi. Vaholanki, aynan oʻsha paytda “Bruklin”da imkoniyat paydo boʻlgandi», — dedi sharhlovchi YES Network efirida.
Toʻrtinchi chorakda mehmonlar farqni olti ochkogacha qisqartirdi (106:112), biroq Embiid ketma-ket olti ochko toʻplab, «Filadelfiya»ning ustunligini yana oʻn ochkodan koʻproqqa yetkazdi.
Kamerunlik basketbolchi final sirenasiga 52 soniya qolganida ham jamoasini qutqardi. Rossiyalik Yegor Dyomin uch ochkolik zarbani amalga oshirdi va «Bruklin» atigi toʻrt ochkoga ortda qoldi (121:125). Biroq Embiid darhol oʻzining uch ochkolik zarbasi bilan javob berib, farqni yetti ochkoga yetkazdi.
Umuman, markaziy oʻyinchi 37 ochko toʻplab, beshta ribaund qayd etdi. U oʻyindan berilgan 22 ta zarbaning 13 tasini aniq amalga oshirdi, jumladan, ikkita uch ochkolik zarbani ham. Bu Embiid uchun joriy mavsumdagi ochkolar boʻyicha eng yaxshi natija boʻldi.




