Rossiyaga qarshi 2:3 hisobidan soʻng Kannavaro: «Biz gʻalabaga juda erta ishondik, aslida esa 98 daqiqa oʻynash kerak»
Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyadan uchralgan 2:3 hisobidagi magʻlubiyatdan keyin jamoasi oʻyiniga baho berdi.

Italiyalik mutaxassis shogirdlari uchrashuvni munosib oʻtkazgan deb hisoblaydi. Uning soʻzlariga koʻra, jamoa gʻalabaga muddatidan oldin ishongani sabab magʻlub boʻlgan.
«Bugun yaxshi oʻynadik. Muammo shundaki, oʻyin tugashidan oldin gʻalaba haqida oʻylab qoʻydik. Bu biz uchun yaxshi saboq: final hushtagi chalinmaguncha, uchrashuv tugamaydi. 95–98 daqiqa davomida diqqatni jamlash kerak. Baʼzan futbol juda yomon boʻladi», — dedi Kannavaro.
Murabbiy jamoa taktikasini ham tushuntirdi. Uning fikricha, yuqori pressing xavf bilan bogʻliq, chunki himoyachilar yakkama-yakka oʻynashiga toʻgʻri keladi. Shu sababli terma jamoa baʼzan himoya chizigʻini yuqoriroqqa koʻtaradi.
Kannavarodan, shuningdek, Italiya terma jamoasi sardori boʻlishmi yoki murabbiylik qilishmi — qaysi biri qiyinroq ekani soʻraldi. U ikkilanmay murabbiylikni tanladi. «Albatta, murabbiy boʻlish. Jamoaga bogʻliq boʻlasan. Koʻplab narsalarni kuzatib borishingga toʻgʻri keladi, ammo oxir-oqibat hammasini futbolchilarning qanday oʻynashi hal qiladi», — deya javob berdi u.




