Rim turniri shifokori Sinner davolanishi haqida: «Hammasi toʻgʻri qilindi»
Ortoped Jovanni Di Jakomo Yannik Sinnerga tizza operatsiyasidan oldin konservativ davolash tanlangani toʻgʻri boʻlganini aytdi. Keyin 3–4 oy fizioterapiya kerak.

Di Jakomo Sinnerning tekshiruv natijalarini shaxsan oʻrganmaganini, ammo operatsiya haqidagi qarorni mantiqli deb hisoblashini aytdi. Avvalroq italiyalik tennischi operatsiyani seshanba kuni boshdan kechirishi maʼlum boʻlgandi.
Ortopedning aytishicha, iliotibial traktni pay deb hisoblash mumkin. Bunday toʻqimalar qon bilan yomon taʼminlanadi, shu sababli yalligʻlanishni bartaraf etish, ayniqsa zoʻriqish yoki mexanik shikastlanish holatida, qiyin kechadi. Pay kasalliklarida konservativ davolash birinchi tanlov boʻlib qolishi kerak: 90 foizdan ortiq holatda u ijobiy natija beradi.
Agar toʻrt-besh oy davomida davolash qoniqarli natija bermasa, boshqa yoʻlni tanlash mumkin. Biroq operatsiya muvaffaqiyatini 100 foiz kafolatlab boʻlmaydi. Di Jakomoning fikricha, muqobil yoʻl boʻlmasa, jarrohlik aralashuvi yagona variant boʻlib qoladi va bunday operatsiyalar natijasi odatda juda yaxshi boʻladi.
Muolajadan keyin Sinner boʻgʻimni qisman harakatsizlantirish davridan oʻtadi, soʻng uch-toʻrt oy fizioterapiya oladi. Ortopedning baholashicha, operatsiya hozir amalga oshsa, tennischi bahorda kortga qaytadi.




