Verxoven Uaylderga qarshi? Kikboks yulduzi Fyuri — Joshua jangi oqshomida Opetayani almashtirishi mumkin
Deontey Uaylder Tayson Fyuri va Entoni Joshua jangi anderkartidagi jang uchun yangi raqib izlamoqda. Boks oqshomi 11 dekabr kuni Kardiffdagi «Principality» stadionida boʻlib oʻtadi.

Dastlab Uaylder birinchi ogʻir vazn toifasidagi yulduz Jay Opetayaga qarshi jang qilishi kerak edi. Biroq avstraliyalik superogʻir vazn toifasidagi jangdan voz kechdi va oʻz vazn toifasida qoladi. Uaylder janglar dasturidan chiqarilmaydi, tashkilotchilar esa unga yangi raqib izlamoqda.
Variantlardan biri niderlandiyalik kikbokschi Riko Verhoeven boʻlishi mumkin. U bu yil boksdagi debyutini darhol WBC jahon chempioni unvoni uchun Aleksandr Usikka qarshi jang bilan oʻtkazdi.
Gizada boʻlib oʻtgan oʻsha jangda Verhoeven kutilmaganda munosib qarshilik koʻrsatdi va sensatsiya qayd etish bilan jiddiy tahdid qildi, biroq 11-raundda Usik baribir uni toʻxtatdi.
Hozir niderlandiyalik sportchi keyingi qadamini tanlamoqda. Uning jamoasi Opetaya oʻrniga Uaylderga qarshi ringga chiqishi mumkinligini istisno qilmayapti.
«Hozir juda koʻp qiziqarli voqealar yuz bermoqda. Biz Riko uchun bir nechta yorqin variantni koʻrib chiqyapmiz, ammo uni bilasiz — u har doim katta jangga tayyor. Yaqin kunlarda nimalar boʻlishini koʻramiz», — dedi Verhoevenning menejeri Karim Erja Sky Sports telekanaliga.




