Shaxmat toji uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi
Javohir Sindarov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

Jenevadagi partiya qariyb besh soat davom etdi. Gukesh qora donalarda oʻynadi va debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi, tayyorgarligi tufayli Sindarovning yurishlariga tezkor javob qaytardi. 15 yurishdan soʻng hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbek grossmeysteri ancha koʻproq vaqt ishlatdi.
Birinchi vaqt nazorati oldidan Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning ixtiyorida atigi sakkiz soniya bor edi, biroq u Bb4 yurishini topishga ulgurib, bevosita tahdiddan qutuldi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbek shaxmatchisi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.
Turalar almashilgach, taxtada turli rangdagi fillar qoldi, bu esa gʻalaba qozonish imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh kuchaytirish uchun imkoniyatlar izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Shoh bilan yurishlar takrorlangach, raqiblar durangga rozi boʻlishdi.
Keyingi partiya 28 noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 ta partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqichdan soʻng hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.




